Toshkent shahrida 7-8 oktyabr kunlari bo'lib o'tadigan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari ishtirokchilaridan iborat 50 dan ziyod xorjiy davlatlar delegatsiyalari izma-iz yurtimizga tashrif buyurmoqda.
Yurtimizga yetib kelgan mo''tabar mehmonlar uchun 6 oktyabrda poytaxtimizning madaniy-ma'rifiy maskanlari va muqaddas ziyoratgohlariga sayohat tashkil etildi.
Turkiya delegatsiyasi a'zolari “Xastimom” majmuasi hamda Amir Temur va temuriylar davlat muzeyiga tashrif buyurishdi. O'zbekiston xalqlari tarixi muzeyida bo'lib, bu yerdagi “Mehmonlar kitobi”ga o'z tilaklarini bitib qoldirishdi.
Qardoshlarimiz Turk milliy madaniyat markazida ham bo'ldilar. Mazkur milliy madaniyat markazi faoliyati misolida O'zbekistonda barcha millat va elatlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Yurtimizdagi millatlararo do'stlik va totuvlikni mustahkamlashga qaratilayotgan e'tibordan xursand bo'ldilar.
- Toshkent sayohati bizda katta taassurot qoldirdi, - dedi Turkiya Inson huquqlari va tenglik kengashi raisi Suleyman Arslan. – Qadimiy va navqiron poytaxt shahringiz juda go'zal ekan. Ayniqsa, so'lim xiyobonlar, ko'rkam bog'lar, tarixiy binolarning ko'pligi, zamonaviy me'morchilik inshootlari muhtasham va insonlarning yashashi uchun qulay ekanidan quvondik. O'zbekistonda ajdodlar tarixini, ayniqsa, islom madaniyati tarixini o'rganishga bo'lgan e'tiborni yuqori baholaymiz.
Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti raisining qayd etishicha, Turkiya delegatsiyasi O'zbekistonga ikkita tadbirda qatnashish uchun kelgan. Bulardan biri – IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining 6-yillik yig'ilishidir. Mehmonning fikricha, bu nufuzli xalqaro anjumanda IHT makonidagi turli mamlakatlarda yoshlarning huquqlarini ta'minlash masalalari muhokama qilinishi g'oyatda muhim.
“Biz IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining raisi Akmal Saidov janoblari bilan shu yil 29-30 aprel` kunlari Anqara shahrida oilalar himoyasi huquqiga bag'ishlab tashkil etilgan simpoziumda uchrashgandik, - deb ta'kidladi Suleyman Arslan. – O'shanda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti o'rtasida hamkorlikni kengaytirish to'g'risida kelishib olgan edik. Ushbu kelishuvni amalga oshirish maqsadida o'zaro Memorandum tuzish maqsadimiz bor”.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.10.2019
- Ko'rishlar: 5723
- Chop etish