TOSHKЕNT, 14-dekabr. /"Dunyo" AA/. Bugun Toshkentda “Zamonaviy konstitutsiyaviylik: milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz (IHMM), Barqaror rivojlanish markazi hamda Davlat va huquq instituti tomonidan tashkil etildi.
Anjumanda dunyoning turli mamlakatlarida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishning dolzarb tendensiyalari muhokama qilinadi, Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining mustahkam huquqiy poydevorini yaratadigan mamlakatimiz Asosiy qonunini jamiyat va davlat taraqqiyotining mukammal voqeliklari bilan uyg‘unlashtirish yuzasidan fikr almashiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, IHMM direktori Akmal Saidov, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, ilmiy-tahlil markazlari va xalqaro tashkilotlarning boshqa vakillari ma’ruza qiladi.
- Qo'shildi: 14.12.2021
- Ko'rishlar: 4452
- Chop etish