BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan 20 sentyabr kuni Toshkent shahridagi Vestminster universitetida bir guruh huquqshunos talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Vestminster universiteti, Toshkent Davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Bosh prokuratura Akademiyasi tinglovchilari ishtirok etdi. Mo''tabar mehmonni yuzdan ortiq navqiron yigit-qiz ochiq chehra va e'zoz-ehtirom bilan kutib oldi.
Diego Garsiya-Sayan avvalo yoshlarning bu qadar keng davrasiga taklif etilganini tasavvur ham qilmaganini e'tirof etdi. “Yoshlarning ko'pligi nuqtai nazaridan, Vatanim bilan O'zbekiston o'zaro o'xshash ekan”, dedi u.
BMT Maxsus ma'ruzachisi kirish so'zida sud hokimiyatining mustaqilligi printsipi faqat sud`yalar, prokurorlar va advokatlar timsolidagi soha mutaxassislarigagina taalluqli emasligiga e'tibor qaratdi. Bu birinchi navbatda siyosiy hokimiyat va barcha fuqarolar uchun g'oyat muhimdir, deya ta'kidladi mehmon. O'zbekistonda bu borada izchil ijobiy o'zgarishlar amalga oshirilayotgani diqqatga sazovor.
D. Garsiya-Sayan bilan talaba-yoshlar o'rtasidagi samimiy muloqot qizg'in savol-javoblarga ulanib ketdi. Mehmon Toshkent shahrining ko'rkamligi, yurtimizning obodligi, o'zbek xalqining ochiqligi va mehmondo'stligini qayd etdi.
BMT Maxsus ma'ruzachisining aytishicha, u hayotda uchrab turadigan ayrim muammolarga qaramay, o'zbekistonliklarning ko'tarinki kayfiyat va kelajakka yorug' ishonch bilan yoshayotganiga guvoh bo'lgan. Ayniqsa, O'zbekistonda jinoyatchilik ko'rsatkichlarining nihoyatda pastligi uni hayratga solgan.
D. Garsiya-Sayan advokatlik sohasi bilan bog'liq savolga javob berar ekan, O'zbekistonda advokatlar soni kam ekanidan hayron bo'lganini aytdi. Bu holatga aniqlik kiritishga qiziqdi.
Ma'lumki, yuridik fakul`tetni bitirgan mutaxassis advokatlik litsenziyasini olish uchun ikki yillik amaliyotni o'tashi talab etiladi. Mamlakatda advokatlik sohasini tanlaydigan huquqshunoslar ozligining asosiy sababi shu bo'lishi ham mumkin.
Qolaversa, bugungi kunda jamiyat hayotining barcha sohalarida shiddatli yangilanishlar amalga oshirilmoqda, jumladan, yaxshi advokat bo'lib yetishish imkoniyatlari tobora kengaymoqda. Bularning barchasi, o'z navbatida, navqiron yuristlarni advokatura sohasiga qiziqtirish, yo'naltirish va har tomonlama rag'batlantirishni taqozo etadi.
D. Garsiya-Sayan inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlaridan foydalanish bilimli va saviyali huquqshunoslar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.
Shuningdek, u mamlakat xalqaro sudlarda o'z davlati manfaatlarini himoya qilish salohiyatiga ega yuristlarni tayyorlashi zarurligiga urg'u berdi.
Mehmonning fikricha, huquqshunos kadrlarni o'qitish va malakasini oshirish jarayonlarida ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar hamda ekologiya muammolarini chuqur o'rgatish va bu sohalarga doir huquqlarni himoya qilish ko'nikmasini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega.
“Hozirgi vaqtda mazkur sohalar bo'yicha juda yuqori xalqaro standartlar mavjud, – dedi BMT Maxsus ma'ruzachisi. – Ana shu standartlarni puxta o'zlashtirgan va ushbu sohalarga ixtisoslashgan yuristlar davlatga ham, yirik kompaniyalarga ham kerak”.
Bu jarayonda mamlakatning qaysi mintaqasida qanday sohalarga ixtisoslashgan yuristlarga ehtiyoj mavjudligini tahlil qilish darkor. So'ngra tahlil xulosalarini ta'lim jarayonlarida hisobga olish maqsadga muvofiqdir.
D. Garsiya-Sayan, shuningdek, korruptsiyaga qarshi qat'iy kurashish zarurligi haqida alohida to'xtaldi. U qayd etganidek, korruptsiya sud hokimiyatining mustaqilligi yo'lidagi eng katta to'siqlardan biridir.
Bundan tashqari BMT Maxsus ma'ruzachisi ayollarning huquq sohasida ishlashi uchun keng yo'l berilishi lozimligini bildirdi. Xususan, u oliy sudlov idoralarida xotin-qizlar vakillari ham saylanishiga doir fikrlarni qo'llab-quvvatladi.
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.09.2019
- Ko'rishlar: 5822
- Chop etish