“Инсон ҳуқуқлари ҳимояси учун” кўкрак нишони тўғрисидаги низом тасдиқланди

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”farmoni bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni ta'sis etilgan edi. O'zbekiston Respublikasini Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 noyabrdagi 685-sonli qarori bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni to'g'risidagi nizom, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni va guvohnomasining tavsiflari tasdiqlandi.

– Hukumat tomonidan mazkur qarorning qabul qilinishi davlatimiz rahbarining joriy yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini bajarish yo'lida qo'yilgan yana bir muhim amaiy qadam ekanini qayd etish maqsadga muvofiqdir, – dedi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida to'xtalib.

A.Saidovning fikricha, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishonining ta'sis etilgani O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatining samaradorligini ta'minlashda g'oyat katta ahamiyat kasb etadi. Binobarin, "biz ana shu yangi mukofot timsolida soha rivojiga beqiyos amaliy hissa qo'shayotgan yurtdoshlarimiz, xorijiy va xalqaro hamkorlarimizni munosib rag'batlantirib borish imkoniyatiga ega bo'lmoqdamiz", deb ta'kidladi u.

Mazkur ko'krak nishonini ta'sis etilishidan maqsad inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qo'shgan fuqarolar va tashkilotlarni moddiy va ma'naviy rag'batlantirish hamda taqdirlash, bu faoliyatni amalga oshirishda o'rnak bo'layotganlar namunasini, ularning tajribasini ommalashtirishdan iborat. Bu bilan davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Ko'krak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targ'ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta'lim, yoshlar o'rtasida inson huquqlarini himoya qilish an'analarini rivojlantirishga qo'shgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.

Ko'krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.

Ma'lumot uchun: Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 noyabrdagi 685-sonli qaroriga ko'ra ko'krak nishoni bilan taqdirlash jarayoni quyidagi bosqichlarni o'z ichiga oladi:

Fuqarolik jamiyati institutlari, davlat organlari va tashkilotlari har yili 1oktyabrga qadar ko'krak nishoni bilan taqdirlash bo'yicha nomzodlarni taqdim etadi. Takliflarga ilova sifatida nomzod haqida ma'lumotnoma, so'nggi uch yil davomida u tomonidan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma taqdim etiladi.

Har yili 10 oktyabrga qadar ko'krak nishoni bo'yicha takliflarni ko'rib chiqish bo'yicha komissiya tashkil etiladi. Komissiya inson huquqlari sohasidagi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va mutaxassislar, shuningdek sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat tarkibda tuziladi.

Komissiya har yili 10noyabrga qadar nomzodlar bo'yicha hujjatlarni o'rganib, taqdirlashga eng munosib nomzodlarni tavsiya qiladi.

Har yili 1dekabrga qadar ko'krak nishoni bilan taqdirlash to'g'risida buyruq chiqariladi.

Har yili 10dekabr` – Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida ko'krak nishoni va uning guvohnomasi tantanali tarzda topshiriladi.

Ko'krak nishoni bilan taqdirlanganlar ro'yxati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.

Ko'krak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining to'rt baravari miqdorida biryo'la to'lanadigan pul mukofoti beriladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech