Yaqinda “facebook” ijtimoiy tarmog'ida bloger Karimberdi Turamurod imzosi bilan e'lon qilingan xabarga qaraganda, go'yoki Xatirchi tumanida yashaydigan fuqaro Obid Xolmanovning uyiga tongga yaqin (sana ko'rsatilmagan) soat 3:30-4:00 atrofida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti Navoiy viloyati bo'limi xodimlari devordan oshib tushgan. Bundan ko'zlangan maqsad fuqaroning xonadonida noqonuniy ishlatilayotgan juvoz yoki tegirmonni musodara etish bo'lgan.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasiga muvofiq, har kim o'z sha'ni va obro'siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.
Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mazkur konstitutsiyaviy normaga xilof har qanday xatti-harakatlarni qoralaydi. Shuningdek, barchani Konstitutsiya talablariga qat'iy rioya etishga chaqiradi.
Markaz internetda tarqalgan voqea tafsilotlari haqida aniq ma'lumotga ega emas. Shunga qaramay, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori tomonidan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga rasmiy xat yuborildi va holatni aniqlashtirish, fuqaro O.Xolmanovning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, ushbu voqea yuzasidan qonun ustuvorligini ta'minlash so'raldi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.11.2019
- Ko'rishlar: 5052
- Chop etish