Mamlakatimizda 1-10 dekabr "Inson huquqlari o‘n kunligi" deb e’lon qilindi. Ushbu tadbir 10 dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuni va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi munosabati bilan o‘tkazilmoqda.
O‘n kunlik doirasida bir qator muhim huquqiy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, 1 dekabrda bo‘lib o‘tgan "Inson huquqlari bolalar nigohida" tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi shular jumlasidandir.
Shuningdek, “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi. Bu tadbirlar orqali yosh avlodning inson huquqlari bo‘yicha tushuncha-tasavvurlarini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Maktab, litsey va kollej o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida "Inson huquqlari bilimdoni" ko‘rik-tanlovi tashkil etiladi.
Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida "Inson huquqlari himoyasi uchun" ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan shaxslarga ushbu nishonlarni tantanali topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tadi.
Ta’lim muassasalarida "Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari" hamda "Yangi Konstitutsiya va inson huquqlari" mavzularida turli tadbirlar, jumladan umummilliy darslar, ma’naviyat soatlari, ochiq darslar va “master-klass”lar o‘tkaziladi. Bundan maqsad yoshlarga inson huquqlari va konstitutsiyaviy huquq haqida batafsil ma’lumot berishdir.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil qilinadi. Ushbu ko‘rgazmalar yordamida aholiga inson huquqlari sohasidagi mavjud adabiyotlar va ma’lumotlarni yetkazish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, joylarda "Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba" mavzusida o‘quv kursi o‘tkaziladi. Bu tadbirlar mamlakatimizda inson huquqlarini yanada rivojlantirish, apyni sohadagi xalqaro tajribani izchil o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
"Inson huquqlari o‘n kunligi" davomida o‘tkaziladigan barcha tadbirlar OAVda yoritiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.12.2023
- Ko'rishlar: 2803
- Chop etish