JENEVA, 12-dekabr. /"Dunyo" AA/. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag'ishlangan madaniy tadbirlarda ishtirok etmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.
1948-yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida insoniyat oilasining hamma a'zolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligi e'tirof etilgan. Bundan tashqari, deklaratsiyada inson huquqlari umuminsoniy, ajralmas va barcha madaniyatlar, dinlar va qit'alarni birlashtiruvchi asosiy qadriyatlarga asoslanganligi qayd etilgan.
Tadbir doirasida mamlakatimiz delegatsiya rahbari BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Folker Tyurk bilan uchrashuv o'tkazdi. Oliy komissar O'zbekiston delegatsiyasiga «Inson huquqlari – 75» tadbirlaridagi ishtiroki uchun samimiy minnatdorlik bildirib, O'zbekiston xalqini Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi.
Folker Tyurk respublikada inson huquqlarini ta'minlash, xususan, xotin-qizlar, nogironlar va boshqalar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni yuqori baholadi.
Oliy komissar joriy yilning mart oyida O'zbekistonga qilgan tashrifi yakunlari bo'yicha «Yo'l xaritasi» qabul qilinganini alohida ta'kidladi va o'z ofisi ushbu hujjatda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi.
Uning aytishicha, tashrif yakunlari bo'yicha erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi O'zbekiston va Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissariat hamda BMTning inson huquqlari bo'yicha boshqa xalqaro tuzilmalari o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida O'lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya vitse-prezidenti, Shveysariya sobiq prezidenti Rut Dreyfus bilan ham uchrashuv bo'lib o'tdi.
U O'zbekiston hukumatiga o'lim jazosini bekor qilish bo'yicha normalarni respublika Konstitutsiyasining yangi tahririga kiritgani, mamlakatimizning Markaziy Osiyo mintaqasini o'lim jazosidan xoli hudud deb e'lon qilishdagi faol roli va qo'shma tadbirlarni amalga oshirishda ko'rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
- Qo'shildi: 12.12.2023
- Ko'rishlar: 2586
- Chop etish