Ozarbayjon Respublikasida O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbir doirasida joylarda qator uchrashuvlar, ko‘rgazmalar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
24 yanvar kuni Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar institutida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tashabbusi bilan “O‘zbekiston – Ozarbayjon: madaniyatlar muloqoti” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda har ikki mamlakatning qator olimlari va mutaxassislari, tegishli idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlari qatorida Ozarbayjondagi bir qancha muzey va kutubxonalar, ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilib keladi. Butunjahon jamiyati tomonidan har yili muntazam o‘tkazib kelinayotgan kongress va anjumanlarda Ozarbayjon olimlari faol ishtirok etib kelmoqda.
– O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy aloqalar uzoq tarixga ega, – deydi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov. – Yaqinda ikki mamlakat olimlari ishtirokida “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidan Ozarbayjonda saqlanayotgan madaniy merosimiz namunalariga bag‘ishlangan yangi jild nashr qilindi. Mazkur kitob-albomda Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti, Ozarbayjon tarixi muzeyi, Tasviriy san’at muzeyi, Milliy gilam muzeyi singari muassasalarda saqlanayotgan, O‘zbekistonga oid bo‘lgan osori-atiqalar haqida hikoya qilinadi.
–Institutimizda O‘zbekiston zamini bilan bog‘liq qo‘lyozmalar ko‘p, – deydi Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti direktori, akademik Teymur Karimli. – Jumladan, Imom al-Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosiga mansub o‘nlab qo‘lyozmalarni sanab o‘tish mumkin. Turk dunyosining mazkur buyuk siymolari Ozarbayjon xalqi uchun ham nihoyatda qadrli, bu ulug‘ mutafakkirlar merosi durdonalari fondimiz xazinasidan joy olgani bizga ham iftixor bag‘ishlaydi.
Tadbirda O‘zbekiston fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori, akademik Shuhrat Egamberdiyev, Butunjahon jamiyati a’zosi, san’atshunoslik fanlari doktori Elmira Gyul, Ozarbayjon Milliy gilam muzeyi direktori Shirin Malikova, Qo‘lyozmalar instituti yetakchi ilmiy xodimi Azizog‘a Najafov va boshqalar mazkur kitob-albomning mazmun-mohiyati, Ozarbayjon to‘plamlaridagi O‘zbekiston madaniy merosi durdonalarining o‘ziga xosligi xususida to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni chuqurlashtirishda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining tutgan o‘rni haqida gapirib, bu borada samarali faoliyat ko‘rsatayotgan ozarbayjonlik olimlar va tadqiqotchilarga Butunjahon jamiyati nomidan tashakkurnomalarni topshirdi.
Ozarboyjon Milliy fanlar akademiyasining Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar institutiga “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi kitob-albomlarning 50 jildi tuhfa qilindi.
Tadbir ishtirokchilari Qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi. Mazkur ko‘rgazmada Ibn Sinoning 1258 yilda ko‘chirilgan “Tib qonunlari”, Alisher Navoiy hayotligida kitobat qilingan “G‘aroyib us-sig‘ar” devoni, “Boburnoma”ning XVII asrga mansub nusxasi va boshqa o‘nlab nodir qo‘lyozmalar o‘rin olgan.
Rustam JABBOROV.
O‘zA
- Qo'shildi: 25.01.2024
- Ko'rishlar: 2258
- Chop etish