O‘zbekiston Oliy Majlisi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiyaning Strasburg shahrida Yevropa parlamenti vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tashrif davomida Yevropa parlamenti deputatlari ishtirokida “O‘zbekiston va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni yanada jadallashtirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda 30 ga yaqin Yevropa parlamenti deputatlari, shuningdek, turli parlament fraksiyalarining siyosiy maslahatchilari ishtirok etdi.
Davra suhbati qatnashchilariga “Yangi O‘zbekiston-2030" strategiyasining asosiy yo‘nalishlari, yangilangan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari xususida fikr almashildi.
Yevroparlament deputatlari keyingi yillarda O‘zbekistondagi o‘zgarish va yangilanishlardan yaxshi xabardor ekanliklarini, amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining Strasburg shahriga tashrifi doirasida Jeneva diplomatik korpusi prezidenti, shveysariyalik Robert Blumning “O‘zbekiston – Markaziy Osiyo durdonasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 25.01.2024
- Ko'rishlar: 2147
- Chop etish