O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33-yilligi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida alohida ahamiyatga ega tarixiy sana sifatida nishonlanmoqda. Mustaqil davlatimiz poydevori bo‘lgan Bosh qomusimiz har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini kafolatlovchi, demokratik qadriyatlarni mustahkamlovchi, adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan mukammal huquqiy hujjatdir.
1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiya mamlakatimizda huquqiy davlat qurishning bosh yo‘nalishlarini belgilab berdi. U milliy davlatchilik an’analari, zamonaviy demokratik tamoyillar hamda inson huquqlariga oid xalqaro standartlarning talablari asosida ishlab chiqilgani bilan alohida ahamiyatga ega.
So‘nggi yillardagi keng ko‘lamli islohotlar natijasida Bosh qomusimiz yangi tahrirda qabul qilinib, inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolar turmush darajasini yuksaltirish va davlatning jamiyat oldidagi mas’uliyatini oshirish borasida yangi huquqiy kafolatlar yaratildi. Shu ma’noda, yangilangan Konstitutsiya «Inson — jamiyat — davlat» tamoyiliga tayangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining huquqiy poydevoriga aylandi. Konstitutsiyamizda inson huquqlari va erkinliklari davlat tomonidan eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan.
Unda fuqarolarning:
-shaxsiy daxlsizlik;
-fikr, so‘z va e’tiqod erkinligi;
-mehnat qilish va adolatli sharoitlarda ish haqi olish;
-sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoyaga doir kafolatlari;
-gender tenglik;
-munosib turmush darajasi va sof ekologik muhitda yashash huquqi kabi asosiy huquqlari huquqiy jihatdan mustahkam ifoda etilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mazkur huquqlarning hayotda amalda to‘la namoyon bo‘lishi uchun chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish, monitoring yuritish va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida izchil faoliyat olib bormoqda.
Konstitutsiya qabul qilinganining 33-yilligi mamlakatimizda huquqiy madaniyatni oshirish, fuqarolar ongida Bosh qomusimizga hurmat va sadoqat tuyg‘usini mustahkamlashda muhim voqeadir. Bugungi kunda fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish imkoniyatlari kengaydi, jamoatchilik nazoratining ta’siri ortib bormoqda. Bu esa Konstitutsiyada o‘z ifodasini topgan demokratiya prinsiplarining amaliyotda samarali tatbiq etilayotganini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-yilligi xalqimizning siyosiy madaniyati yuksak ekanligini, demokratik qadriyatlar va huquqiy islohotlarning izchil davom etayotganini yana bir bor namoyon etmoqda. Bosh qomusimizda belgilangan normalar — inson huquqlarining barqaror ta’minlanishi, mamlakatimizda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi asosiy mezondir.
Hamid RAVSHANOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazi
Hisob-kitob bo‘limi boshlig‘i
Ўзбекча
English
Русский