Inson huquqlari va manfaatlari sohasida davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligi mustahkam
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Adliya vazirligi hamda qator manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida “Inson huquqlari va manfaatlari sohasida davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligi” mavzusida nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumi o‘tkazildi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2025 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etildi.
Forum avvalida 2024 yilda o‘tkazilgan Milliy forum yakuniy hujjati natijalariga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, forum ishtirokchilari tomonidan “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi hamda “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlarni takomillashtirish, davlat subsdiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida yagona elektron platformani to‘liq ishga tushirish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan edi. Natijada joriy yil 21 avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Ushbu hujjatga muvofiq, davlat organlariga jamoatchilik nazorati natijalari bo‘yicha xulosalarni ko‘rib chiqish majburiyati yuklatildi. Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat buyurtmalari berish hamda tashabbusli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari yaratildi.
Qolaversa, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida yagona elektron platforma to‘liq ishga tushirilib, joriy yilning o‘zida to‘rtta grant tanlovlari o‘tkazildi.
Forum yalpi majlisida so‘z olganlar bu o‘zgarishlar davlat rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviy davomi bo‘lib, mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, NNTlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini yanada kuchaytirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, forumda mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yo‘nalishida davlat va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida amalga oshirilayotgan islohotlar tizimli va izchil xarakter kasb etayotgani qayd etildi. Jumladan, 2020–2025 yillar davomida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning ijrosi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga O‘zbekistonning yettita milliy ma’ruzasi taqdim etildi. Ularning tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida yettita Milliy harakatlar rejasi qabul qilingan va izchil ijro etilmoqda.
O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ham ortib bormoqda. Xususan, 2024 yilda mamlakat vakili ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zoligiga saylandi. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yoshlar va bolalar huquqlariga oid beshta muhim rezolyutsiyani qabul qildi.
Qolaversa, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni davlat boshqaruvi va huquqni muhofaza qilish amaliyotiga joriy etish yuzasidan ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Nelson Mandela qoidalari” milliy qonunchilikka tatbiq etildi va BMT tavsiyalariga asosan “Ombudsman plyus” modelida milliy preventiv mexanizm takomillashtirilmoqda.
Forumda milliy ekspertlar hamda faol nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviy davomiyligini ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish va ta’minlash sohasida davlat organlari va NNTlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini rivojlantirish hamda rivojlanish istiqbollariga oid masalalar yuzasidan tematik sho‘’ba majlislarida ma’ruzalar qilindi va ishtirokchilar o‘rtasida keng fikr-mulohazalar almashildi.
A.RUSTAMOV, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский