“Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumi doirasida “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu mukofot inson huquqi va erkinligini himoya qilish ishiga salmoqli hissa qo‘shgan fuqarolar, tashkilotlarni moddiy, ma’naviy rag‘batlantirish, amalga oshirilgan ishlar namunasini ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2020 yil ta’sis etilgan.
Har yili 10 dekabr – “Xalqaro inson huquqlari kuni” arafasida ko‘krak nishoni va maxsus guvohnoma tantanali tarzda topshiriladi. Joriy yil ushbu mukofotga 6 nafar hamyurtimiz, 2 nafar chet el fuqarosi va 2 nodavlat notijorat tashkiloti sazovor bo‘ldi:
– “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Marat Xadjimuxamedov – inson huquqi va erkinligi himoyasi sohasidagi zamonaviy tadqiqot amaliyotini shakllantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun;
– O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Jamshidjon Choriyev – yoshlar huquqini himoya qilishdagi samarali faoliyati uchun;
– O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi apparatining yuridik bo‘limi mudiri Hamidulla Premkulov – aholining mehnat huquqi va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatini himoya qilishdagi faolligi uchun;
– O‘zbekiston Nogironlar jamiyati – nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishdagi faolligi uchun;
– “Barqaror hayot” ijtimoiy-ma’rifat markazi direktori Oliya Ilmuradova – ayollar va bolalar huquqini himoya qilishdagi ko‘p yillik samarali faoliyati uchun;
– “UMNICHKA” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari Shahnoza Ikramova – bolalar huquqini himoya qilishdagi faolligi uchun;
– O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi – jurnalistlar huquqi, sha’ni va qadr-qimmatini, qonuniy huquq va manfaatini himoya qilishga qo‘shgan hissasi uchun;
– Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqi kafedrasi professori Govxerjan Yuldasheva – inson huquqini himoya qilish sohasidagi o‘quv va ilmiy faoliyati uchun;
– Tallin universiteti Boshqaruv, huquq va jamiyat akademiyasi faxriy professori Reyn Myullerson – inson huquqi sohasidagi xalqaro hamkorlik, ilmiy va o‘quv ishlari uchun;
– BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Rishard Komenda – inson huquqini himoya qilish va ta’minlash sohasidagi xalqaro hamkorligi uchun.
“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishonini o‘z sohiblariga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov topshirdi.
B.Xudoyberdiyev,
D.Yakubov (surat),
O‘zA
«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 06.12.2022
- Ko'rishlar: 4745
- Chop etish