Samarqandda «Inson huquqlari sohasida taʼlim» Global forumi ish boshladi

TOSHKENT, 5 dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Samarqand shahrida  «Inson huquqlari sohasida taʼlim»  Global forum ish boshladi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

Uchinchi marta tashkil etilayotgan Samarqand forumi  Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va Inson huquqlari kengashining 46‑sessiyasida ilgari surilgan tashabbusi asosida o‘tkazilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Miliy markazi axborot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, anjumanning ochilish marosimida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk videomurojaati, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Munir Mamedzade tabrigi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi, elchi Federiko Vilyegas videomurojaati,  YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi tabrigi, Yevropa Kengashi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi boshqarmasi bosh direktori Xristos Giyakumopulos videomurojaati tinglandi. MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev nutqini MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari – Ijrochi kotibi Beketjan Jumaxanov o‘qib eshittirdi.

Global forumda xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlarning 100 nafardan ortiq vakil oflayn va onlayn tarzda ishtirok etmoqda. Jumladan, 10 ta xalqaro va 6 ta mintaqaviy tashkilot, 30 davlatdan inson huquqlari bo‘yicha yetakchi xorijiy ekspertlar hamda professor-mutaxassislar qatnashmoqda.

Forum ishtirokchilari safida, shuningdek, 150 milliy tashkilotning 2 ming nafardan ziyod vakili bor. Ular asosan 20 ta vazirlik va idoralar, yurtimizning barcha hududlaridan 50 ta oliy taʼlim muassasasi va ilmiy tashkilotlar, 60 dan ortiq fuqarolik jamiyat instituti, jumladan, yoshlar tashkilotlarining faollaridan iborat.

Powered by GSpeech