MARKAZIMIZNING MO''TABAR AYOLI

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida 15 yildan beri Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida samarali faoliyat olib borayotgan Bakaeva Farida Xadjimuratovna O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasining «Mo''tabar ayol» ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.

Farida Xadjimuratovna prokuratura organlarida, ilmiy muassalarda hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) kotibiyatida faoliyatini olib borgan. 2006 yildan beri Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining Tahlil va tadqiqotlar bo'limi boshlig'i lavozimida mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo'shish yo'lida fidokorona xizmat qilib kelmoqda.

Farida Bakaevaning faoliyati davomidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan e'tirof etilib, u “O'zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil”, “O'zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 25 yil”, “O'zbekison Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari, shuningdek, 2020 yilda  “Mehnat faxriysi” II darajali ko'krak nishoni bilan takdirlangan.

50 yildan ortiq huquqshunoslik sohasida faoliyat yuritib kelayotgan F.X.Bakaeva inson huquq va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha qonunchilik bazasini mustahkamlashda, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va bir qator qonunlar loyihalari tayyorlashda, ishlab chiqishda faol ishtirok etib kelgan.

F.X.Bakaevaning Markazdagi faoliyati davomida uning ishtirokida inson huquqlari bo'yicha xalqaro organlariga 20 dan ortiq O'zbekistonning milliy ma'ruzalari tayyorlandi, 200 dan ortiq qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning huquqiy ekspertizasi o'tkazildi, shuningdek 100 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etildi.

Tajribali huquqshunos, talabchan va ilg'or fikrli rahbar sifatida Farida Bakaeva ko'plab shogirdlar tarbiyalagan. Uning shogirdlari bugungi kunda mamlakatimizning huquq tizimida turli mas'uliyatli lavozimlarda samarali faoliyat ko'rsatib kelishmoqda.

Hamkasbimiz Farida Bakaevani O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasining «Mo''tabar ayol» ko'krak nishoniga sazovor bo'lganlari bilan, shuningdek, bahor va go'zallik ayyomi 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin yurakdan samimiy tabriklaymiz. Mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, sharafli va mas'uliyatli mehnat faoliyatlarida omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz!

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamoasi

Powered by GSpeech