8 oktyabr kuni Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari yakunlari munosabati bilan brifing tashkil etildi.
Tadbirni IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Akmal Saidov boshqardi.
Brifingda Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Ijrochi direktori Margub Salim But, Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisining o'rinbosarlari doktor Rashid bin Hamid al-Balushiy va Adama Nana O'zbekiston poytaxtida bo'lib o'tgan xalqaro anjuman yakunlari yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillariga axborot berdi.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining ikki kun davom etgan Yillik 6-seminarida 46 nafar xorijiy ishtirokchi qatnashdi. Tadbirda, shuningdek, nufuzli xalqaro tashkilotlar va IHTga a'zo davlatlarning O'zbekistondagi vakolatxonalari vakillari qatnashdi.
Xalqaro anjumanda O'zbekiston parlamenti, vazirliklar va davlat tashkilotlari, inson huquqlari bo'yicha milliy muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda diniy idora mutasaddilari hozir bo'ldilar. Ishtirokchilarning jami soni qariyb 150 nafarga yetdi.
Yillik seminarning yalpi majlisida 5 nafar xalqaro va milliy mutaxassisning ma'ruzalari tinglandi. Munozaralarda IHT Komissiyasining 15 nafar a'zosi, IHTga a'zo davlatlar va inson huquqlari bo'yicha institutlarning 10 nafardan ziyod vakillari o'z fikr-mulohazalarini bayon etishdi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari yakunlovchi hujjat – Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasini qabul qildilar.
Bundan tashqari xalqaro seminar doirasida 6 ta davlat – IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Birlashgan Arab Amirliklari, Gabon, Ozarbayjon, Pokiston, Uganda va Quvaytdan saylangan yangi a'zolarining qasamyod qabul qilish marosimi bo'lib o'tdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Suleyman Arslan ushbu ikki tashkilot o'rtasida hamkorlikni kuchaytirish to'g'risida Memorandum imzoladilar.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilish to'g'risidagi tashabbusini qo'llab-quvvatladilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.10.2019
- Ko'rishlar: 5802
- Chop etish